REKLAMA
Reklama joyi bo`sh!

Shoshiling o`z reklama joyingizni band qiling.

Shifokorga tajovuz qilganlar uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin

Bugungi kunda sog`liqni saqlash tizimida uchrab turgan noxush holatlardan biri - bu bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga g`ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi holatlari tez-tez uchrayotganidir.Sog`liqni saqlash vazirligidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, 2018-2019 yillar davomida 400 dan ortiq holatlarda tibbiyot xodimlariga nisbatan zo`ravonlik qilish, ularga tan jarohatlari yetkazish kabi noqonuniy harakatlar sodir etilgan .Bugungi kundagi haqiqiy holat esa bundan ham ayanchli ahvolga kelib qolgan. Vaziyat shu darajaga borib yetdiki, tibbiyot muassasalarida, ayniqsa, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko`rsatish tizimida bu kabi holatlar kunda-kunora uchrab turmoqda. Tahlillar shuni ko`rsatdiki, amaldagi jinoyat qonunchiligida xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuz qilish, ularga bu jarayonda tan jarohati yetkazish uchun javobgarlik choralari nisbatan yengil hisoblanadi. Buning oqibatida ayrim paytlarda tibbiyot xodimlarining sog`lig`iga tiklab bo`lmaydigan darajada jarohat yetkazgan aybdor shaxslar ham amalda hech qanday jazo o`tamasdan qolib ketmoqda. Ko`rib turganingizdek, bunday illatlarning oldini olishda eng samarali yo`l - bu kabi noqonuniy xatti-harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishdir.Shundan kelib chiqib, Sog`liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi ko`magida "O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo`shimcha kiritish to`g`risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, deya xabar bermoqda Sogʻliqni saqlash vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi. Turli vazirlik va idoralar bilan kelishishning o`ta murakkab jarayoni uzoq va mashaqqatli mehnat talab etgan bo`lsa-da, bu jarayon yakunlanib, joriy yilning 4-oktabr kuni qonun loyihasi belgilangan tartibda ko`rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan bunday tajovuzlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazosini qo`llash mumkin bo`ladi. O`ylaymizki, bu hozirda qariyb har kuni sodir bo`ladigan hodisaga aylanib ulgurgan tajovuzlarning oldini olishda katta profilaktik ta`sir kuchga ega bo`ladi.Zero, shifokor hech qachon bemorga yomon bo`lishini istab harakat qilmaydi, u hamisha insonga yaxshilik qilishga intiladi, ko`makka muhtoj bemorga shifo baxsh etish, favqulodda holatlarda inson hayoti va salomatligini asrash uchun bor kuch-salohiyatini baxsh etadi.

manba