REKLAMA
Reklama joyi bo`sh!

Shoshiling o`z reklama joyingizni band qiling.

Islom hamkorlik tashkilotining Yillik 6-seminari Toshkentda boʻlib oʻtadi

Shu yil 7-8-oktyabr kunlari Toshkent shahrida Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining "Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish va himoya qilishning ahamiyati" mavzusidagi Yillik 6-seminari boʻlib oʻtadi.Ushbu nufuzli xalqaro anjuman Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati, IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi va BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilmoqda.Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish boʻyicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari koʻzda tutiladi.Yillik 6-seminarda tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yoʻlida yoshlar huquqlarini ragʻbatlantirish hamda himoya qilishning ahamiyati muhokama qilinadi. Anjuman ishi doirasida BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi.Seminarda IHTning Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasi aʼzolari, xalqaro ekspertlar, IHTga aʼzo va kuzatuvchi maqomidagi 50 ga yaqin davlat, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish boʻyicha milliy muassasalar vakillari ishtirok etadi.Xususan, Afgʻoniston, Bangladesh, Birlashgan Arab Amirliklari, Burkina-Faso, Gabon, Gvineya, Gambiya, Jazoir, Jibuti, Iordaniya, Indoneziya, Komor orollari Ittifoqi, Mavritaniya, Malayziya, Mali, Markaziy Afrika Respublikasi, Marokko, Misr, Mozambik, Nigeriya, Ozarbayjon, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Senegal, Serra-Leone, Sudan, Somali, Togo, Tojikiston, Tunis, Turkiya, Turkmaniston, Uganda, Chad, Eron, Yaman, Oʻmon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Quvayt kabi mamlakatlardan ishtirokchilar taklif etilgan.Hozirgi davr taraqqiyotining qatʼiy tamoyillaridan biri shuki, har kim, har qayerda va har qachon inson huquqlaridan bahra olishi lozim. Yoshlar - aksariyat mamlakatlar aholisining katta qismi sifatida fuqarolik va siyosiy huquqlaridan emin-erkin foydalanish imkoniyatiga ega boʻlishlari zarur.Bu oʻrinda davlatning zimmasidagi iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarni roʻyobga chiqarish boʻyicha javobgarlik fuqarolik va siyosiy huquqlarni taʼmin etish bilan bogʻliq masʼuliyatidan aslo kam emas. Shu nuqtayi nazardan, yoshlarga taalluqli dasturlar va yoshlar boʻyicha davlat siyosatini ishlab chiqishda navqiron avlod vakillarining taʼlim olish, mehnat qilish, malakali tibbiy yordamdan foydalanish huquqlarini koʻzda tutish taqozo etiladi.IHT Inson huquqlari boʻyicha mustaqil doimiy komissiyasining Yillik seminari ishtirokchilari yoshlar huquqlarini himoya qilish va ragʻbatlantirish boʻyicha mavjud xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarni tahlil qiladilar.Anjumanda, shuningdek, yoshlarni oʻz mamlakati barqaror taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga ragʻbatlantirish uchun davlat taraqqiyot strategiyasida navqiron avlod huquqlarini taʼminlashning hisobga olinishi borasidagi ilgʻor tajribalar asosida amaliy takliflar ishlab chiqiladi.IHTga aʼzo mamlakatlar yoshlari oʻz huquqlaridan toʻla foydalanishida duch kelayotgan asosiy muammolarga eʼtibor qaratiladi. Seminar ishtirokchilari oʻzlari mansub mamlakatlar yoshlariga doir davlat siyosati va joriy dasturlar tahlili boʻyicha xulosalarini taqdim etadilar.Anjuman nihoyasida yakuniy hujjat qabul qilinishi kutilmoqda. Unda yoshlar huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish orqali ularning oʻz mamlakatlari taraqqiyoti jarayonlarida bevosita ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan yoshlar siyosatini ishlab chiqish boʻyicha tavsiyalar bayon etiladi. Yillik 6-seminarda qabul qilinadigan yakuniy hujjat, shuningdek, IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etilishi moʻljallangan.
Maʼlumot uchun: Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) - 1969-yil 25-sentyabrda Marokash poytaxti Robotda oʻtkazilgan islom davlatlari rahbarlarining birinchi yigʻilishida tashkil etilgan. Dastlab Islom konferensiyasi tashkiloti (IKT) deb yuritilgan dunyodagi ushbu eng yirik xalqaro islom tashkiloti 2011-yildan buyon Islom hamkorlik tashkiloti deb ataladi.IHT qarorgohi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Tashkilotda rasman ingliz, arab va fransuz tillarida ish olib boriladi. Bugungi kunda IHTga ikki milliardga yaqin aholiga ega 57 davlat aʼzodir. Mazkur tashkilotda BMT, Rossiya, Bosniya va Gersegovina, Markaziy Afrika Respublikasi kuzatuvchi maqomiga ega.Oʻzbekiston 1996-yildan IHT aʼzosi hisoblanadi. 2016-yil 18-19-oktyabr kunlari Toshkent shahrida IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Taʼlim va maʼrifat - tinchlik va bunyodkorlik sari yoʻl" mavzusidagi ushbu sessiyaning ochilish marosimida, shuningdek, 2017-yil 10-sentyabrda Astana shahrida (Qozogʻiston) boʻlib oʻtgan IHTning Fan va texnologiyalar boʻyicha birinchi sammitida nutq soʻzladi.IHTning asosiy maqsad va vazifalari quyidagilardan iborat:
- aʼzo davlatlar oʻrtasida doʻstlik va birdamlik rishtalarini uygʻunlashtirish;
- islom olamida yuzaga kelgan muammolarni hal etish;
- davlatlar ichki qonunlariga hurmat bilan yondashish;
- inson huquqlarini himoya qilish;
- aʼzo davlatlarning iqtisodiy jihatdan rivojlanishiga koʻmaklashish;
- islom dini haqida turli nohaq va nojoʻya maʼlumotlarni bartaraf qilish;
- turli sohalarda mamlakatlardagi institutlar bilan ilmiy izlanishlarni tashkil qilish.IHTning Mustaqil doimiy inson huquqlari komissiyasi - IHTga aʼzo mamlakatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 2011-yil 28-30-iyun kunlari Astana shahrida (Qozogʻiston) boʻlib oʻtgan 38-sessiyasida qabul qilingan rezolyutsiyaga muvofiq tuzilgan.2019-yilda Oʻzbekiston IHTning ushbu Komissiyasiga raislik qilmoqda.Komissiya IHTning nizom va deklaratsiyalarida, shuningdek, inson huquqlari borasida umum eʼtirof etilgan hujjatlarda qayd etilgan fuqarolik, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarni, islom qadriyatlari bilan muvofiq holda, mustahkamlab borish bilan shugʻullanadi.

manba