REKLAMA
Reklama joyi bo`sh!

Shoshiling o`z reklama joyingizni band qiling.

Qo‘lda yozishning besh  foydasi

Noutbuklar, planshet va telefonlar allaqachon ruchka va qalamning o`rnini egalladi. Ammo oddiy qog`ozga qo`lda nimalarnidir qoralash miyaga ko`p foyda keltirishi mumkin. Qo`lda yozish rostdan ham foydali ekanligini quyida keltirilgan beshta fakt ham tasdiqlaydi. 1. Axborotni yaxshiroq eslab qolamiz
Yozuv jarayonida miyaning maxsus qismi - retikulyar faollashtiruvchi tizim ishga tushadi. U filtr kabi ishlaydi - chetdan kelayotgan axborotning qayta ishlanishini bloklaydi. Harflarni qog`ozda ruchka yoki qalam bilan yozar ekanmiz, diqqatimizni yaxshiroq jamlaymiz va miyamizning yozayotgan narsamizga kuchliroq konsentratsiya qilishiga yordam beramiz. Vashington Universitetidan psixolog Virjiniya Berninger ruchka va klaviatura o`rtasidagi farqni quyidagicha izohlaydi: "Qo`lda yozayotganingizda ko`proq harakat qilasiz, chunki har bir harf uchun alohida elementar harakatlar bor, kompyuterdagi ish esa bir xil - har safar faqatgina klaviaturani bosish kerak". Bundan tashqari, kalligrafiya (chiroyli yozish san`ati) bilan shug`ullanish disleksiya bilan kurashishga yordam beradi. 2. Nutqimizni yaxshilaymiz
Ko`pgina mashhur yozuvchilar (Truman Kapote, Vudi Allen, Syuzan Zontag) hamkasblari klaviaturaga o`tganiga qaramay, roman va pyesalarni qo`lda yozishni ma`qul ko`rardilar. 
Masalan, Kapote yangi roman boshlayotganida, avvalambor ruchka bilan yozishini va keyinchalik matnni mashinkada terishini aytgan. 2009-yilda Vashington universiteti psixologlari shuni aniqlashdi: inshoni qo`lda yozgan o`quvchilarning matni mazmunliroq va turli-tuman bo`lgan. Ular murakkabroq jumlalardan foydalanishgan va kompyuterda yozgan tengdoshlariga nisbatan vazifani barvaqtroq yakunlashgan. 3. Diqqat qilishimiz yengillashadi
Kompyuter qarshisida ishlash sensor tizimimizni charchatadi. Ekranning pildirashi, kursorning harakati, bitta urinishda istalgan axborotga ega bo`lish imkoniyati - ijodiy qobilyatni pasaytirib yuboradi. Aksincha, oldingizda faqatgina qog`oz va ruchka turganida, miya qo`shimcha ta`sirlardan holi bo`ladi va barcha resurslarini aniq bir vazifaga yo`naltira oladi.  4. Stressdan xalos bo`lamiz
Ichki kechinmalaringiz va o`ylaringizni qog`ozda ifodalash -  ularning kuchini pasaytiradi. Ekspressiv psixoterapiya metodikasi muallifi Natali Rodjers kundalikdagi yozuvlarni - o`zini ifodalash va ijodiy energiyani uyg`otishning muhim usuli,  deb aytadi. Tez-tez qo`lda yozib turish - o`zingizning individualligingizni ko`proq namoyon qilish demakdir. U harflar shakli va o`lchami, husnixatning tezkorligi, matnning sahifada joylashuvida namoyon bo`ladi. 5. Miya uzoq vaqtgacha yoshligini saqlab qoladi
Yozuv jarayonida miyamizdagi tafakkur, til va ishchi xotira bilan bog`liq zonalarini faollashtiramiz. Vaqti-vaqti bilan qo`lda yozib tursangiz, miyani qo`shimcha shug`ullantirgan bo`lasiz. Psixologlar allaqachon aqliy qobiliyatlar va yozuv ko`nikmasi o`rtasidagi aloqaga e`tibor qaratishgan. "Bemorlarning qo`lda yozilgan eski kundaliklari bilan klaviaturada yozgan yangi qaydlarini solishtirganimizda o`z fikrlarini ifodalash borasida katta farq ko`rdik, - deydi Dyuka Universiteti professori, neyrobiolog Myurali Doraysvami. - Bugun, ko`pchilik odamlar kompyuterda yozishga o`tib ketgan bir paytda aql o`tkirligini saqlab qolish uchun qo`lda yozish - yaxshi mashg`ulot bo`ladi". 

manba